Xayollar olami…
Oldinlari xayolim bilan yashar edim… Bolalikda bir xayoliy olamim bor edi…
Bir olamki, musaffo, beg’ubor, tashvishlardan holi, qo’rquvlardan-andishalardan toza bo’lgan bir olam. Bu olamda ancha yashadim, mamnun edim. Go’zalliklar ichida edim… Keyin ba’zilari maslahat berdilar: inson voqelikka ochiq bo’lishi kerak. Sen ham realist bo’lishing kerak, real olamda yashagin.
Istamagan holda real olamga chiqdim, mavjudiyatimni shu voqelikda davom ettirishni boshladim. Nimagadir bu real olam mening xayol olamimdan boshqacha edi. Sekin-sekin o’z olamimdan menga mulk bo’lib qolgan yaxshi tuyg’ular, hissiyotlar, oliyjanob hislar meni tark qildi. Bundan o’zim ham qiynaldim: nahotki men yanglishgan bo’lsam? Nahotki real olam shunday va shunaqa bo’lishi kerak? Nahotki xayolot olamim faqat va faqat bir sarob edi? Shu va shu kabi tushunchalar ostida mavjudiyatimda mazmun qolmadi.
Keyin yana xayolim so’qmoqlarida keza boshladim. Ancha lat yegan bo’lsada, balki biror so’qmog’ida yo’l ko’rsatadigan biror tosh-belgi qolgandir deb. Ancha o’ylangandan keyin tushunib yetganday bo’ldim…
Anglab yetdimki, biz xayol olamimizni tark etib o’zimiz real deb o’ylagan olam aslida boshqalarning xayol olami ekan. Har qanday real olam aslida bir jamiyatni tashkil qilgan shaxslarning xayol olamlarining tashqaridagi akslari yig’indisi ekan. Hozirgi “real olam” deb ataganamiz voqelik ham bu qadar zolim, kir va g’arazli bo’lishi, bu asl hayot shunday bo’lishi kerakligidan emas, balki shu “olam”ni tahskil qilib turgan shaxslarning xayol olami buzuqligidan ekan.
O’zimizning xayol olamimizni tark qilganda borib boshqa insonlar xayol olamining kengaygan shakli, tashqariga aks etgan ko’rinishi ta’siriga tushar ekanmiz. Ularning xayol olami shunday kir ekanligidan, ularning atrofidagi “real” – aslida esa “uzaytirilgan” xayoliy olamlari ham kirli bo’ladi. Biz esa aldanib, real olam shu ekanda deb ham o’zimizning beg’ubor xayol olamimizni tark qilib, ham bu kir dunyoda azoblanib yuribmiz ekan.
Shunday ekan, biz bu soxta “real” olamlardan voz kechaylik! O’zimizning beg’ubor, sof, musaffo, imon bilan yo’g'rilgan xayol olamimizni qaytadan tikab, bu olamimizni atrofimizga ham yoyishga harakat qilaylik! Bugundan boshlab maslagimiz, kasbimiz, maqsadimiz, shiorimiz shu bo’lsin: “Beg’ubor, sof va musaffo xayollarga to’la bir dunyo qurmoq!!!”
Comment by F. on 25 December 2008:
Maqola uchun rahmat. Biroz ruhlantirdi meni.
Comment by Iqbol-MDIS on 20 February 2009:
Maqola uchun katta rahmat. Meng juda yoqdi.
Comment by unknown on 4 July 2009:
assalomu alaykum, maqolani yozgan insondan Alloh rozi bulsin, haqiqatda kup insonlar orasida shunday buzuq falsafa borki.. sen bu dunyoda yashayotgan ekansan, “real” hayotga(yani mana shu insonlar hatti harakati orqali musaffoligi, aslida kerakli bulgan joziibasi yuqolib borayotgan hayotga)”kuzni kattaroq ochib” moslashishing, undan kerakli tarzda foydalanib qolishing kerakligi, shundagina uzoq marralarga etib borishing, aks holda uzingning guyoki kitoblardan uqib orttirgan “ertaknamo hayoloting” bilan qolibb ketishing aytiladi, va bu aytayotgan suzlari uzoq yillik “tajribaga” asoslanganini ham da’vo qilguvchilar bor.zotan Rosululloh (s.a.v) zamonlarida ham ham u zotga nisbatan usha jamiyatda yashab turgan insonlar tomonidan “majnun”, “sehrgar” atamalari qullanilgan. shunga qaramay u zot (sav) insoniyatni baht-saodatga eltuvchi yulga da’vat qilishdan tuhtamadilar. va bir oz muddatdan sung buning mevasi sahobalar va keyingi davrlarda kurindi…
Hammamizni ham tugri yuldan ozmasdan mustahkam iymon bilan, boshqalarga ham yahshiliklarni ilinadigan solih bandalar qatoridan qilsin…