Dard, azob, iztirob ( davomi)…

Albatta bu fikrlar, bunday guruhlarga ajratishlar faqatgina hayolimda paydo bo’lgan sun’iy chiziqlar xolos. Bazi holat, tushunchalarni yaxshiroq tushunish uchun o’zimiz uchun shunday to’laligicha qamrab olishga kuchimiz yetmagan voqelikni ba’zi jihatlarini chegaralab, aniqlashtirib beradigan sun’iy chiziq, fikriy qurilmalarga ehtiyoj sezamiz. Bu olatlar sun’iy bo’lganligi uchun ham har doim shaxsiy va nisbiy bo’lib qoladilar. Shuning uchun haqiqiy hayotda voqeliklar har doim ham ushbu qoliplarga mos tushavermaydi.

Masalan, Majnunlarni birinchi guruhga kiritamizmi yoki ikkinchi guruhga? Ular ham no-ixtiyoriy ravishda, o’zi kutmagan holatda bir boqish, bir so’z, bir e’tirof bilan oshiq bo’lib qoladilar va bir umr dard-azob ichida o’tadilar. Bunday insonlarning ko’plari dard orqasida halok bo’ladilar. Shuning uchun ham ularni birinchi guruhdagilar qatoriga kiritib qo’yishga shoshilasan. Lekin majnunning hikoyasi asrlar davomida minglab insonlarning qalbida sevgi, go’zallik, yorga sadoqat, yorga intilish kabi go’zal tushunchalarning shakllanishiga sabab bo’lib kelyapti. Buning ustiga Majnun ham tanlash huquqiga ega bo’ldiku: yoriga uchrab dardiga nuqta qo’yish imkoniyati hosil bo’lgan onda, o’z ixtiyori bilan “Layli sen emassan!” deb azob so’qmoqlarini tark qilmadiku! Buni endi qaysi guruhga qo’shamiz?

Yoki Napoleon? U ham gimnaziyada qiyinchiliklar chekdi, keyin hayoti davomida juda ko’p dardlar chekdi. Hatto u hayot imtihonlarida chiniqa-chiniqa dunyo tarixida ko’pchilikka yopiq bo’lgan darajalarga ko’tarildi. Xo’sh, ko’pchilik bu insonni o’z ixtiyori bilan dard chekib insoniyatga foyda keltirganlar turgan ikkinchi guruhga qo’shishi mumkin. Zotan u shu kabi dard insonlarining hayotini juda ko’p o’qir ekan: shohidlarning aytishicha u juda ko’plab tarixiy buyuk shaxslarning biografiyasini o’qigan ekan. Demak, u albatta shu insonlardan ta’sirlangan va bazi fikr, dunyoqarashlari shular sabablidir. Lekin uning dard chekishi, izlanishi necha-necha mamlakatlarni xaroba qildi, o’z xalqining askarlarini o’zga yurtda sovuqlarda qotirib o’ldirdi! Xo’sh, endi biz Napoleon haqiqatda insoniyat uchun dard chekkan deya olamizmi? Bilmadim, men hozirgi onda bir narsa deya olmayman. Ko’p faktlar va minglab kitoblar uni haqiqiy qahramon, millati uchun uqubat chekkan shaxs deydi.

Lekin menimcha haqiqiy dard chekkan, ya’ni o’z ixtiyori bilan bir millat/jamiyat saodati uchun azob-uqubat chekishni o’z ustiga olgan inson hech qachon bunday buzg’unchiliklarga sabab bo’lmasa kerak. Buning ustiga Napoleon o’zi hayot davridayoq, sarguzashtlari tamom bo’lmasidan ancha oldin o’z siyosatining natijasida vujudga kelgan xarobalik, balo kulfatlarga shohid bo’lgan. U balki o’z nafsining buyukligi uchun, balki o’zi kitoblarini ko’p o’qigan buyuk insonlar kabi uning kitobini ham undan keyin boshqalari ham ko’p-ko’p o’qisin degan niyatda hayotida qilgan ishlariga qo’l urgandir. Chunki inson qanchalik ilmli, bilimli, samimiy bo’lmasin imoni bo’lmasa, ilohiy haqiqat chiroqlari yorug’ini o’ziga fonus qilmasa, har qancha samimiy harakatlari baribir noxush oqibatlarga olib keladi.

Ikkinchi guruh insonlarning dard-iztirobi qanchalik kuchli bo’lsa, ularning bu dard-iztirobidan shunchalik ko’p saodat, rohat va farog’at mevalari hosil bo’ladi dedik. Bu dardlilarning yo’lboshchisi bo’lgan Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam eng ko’p mashaqqat, azob-uqubat, dardi-iztirob chekdi hamda u kishining rahmati butun olam, hatto olamlarni qamarab olgandi. Zotan U Zot olamlarga rahmat qilib yuborilgandi. Shunga yarasha bu dunyoda qiyinchliklarda yashadi. Shuning uchun Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam nafaqat o’z zamonasidagilar balki oxiratgacha bo’lgan insonlarning saodati haqida qayg’urdilar.

Meni dard va adabiyotga bog’liq qiziqtirgan fikrlardan biri – bu dard adabiyotining rivojlangan va tarqalgan jamiyat, soha va davrlar. Siz ham aytib o’tganingizdek biz dardni sufiylarning she’rlari orqali kashf qildik. Yoki majnunlarning ohlari bizga dardni olib keldi. Yoki sufiy bo’lmasada imonli shoirlar, islom yozuvchilari dardli-dardli nomalar bitadilar. Tarixda ham shunday edi, hozirgi kunda ham shunday.

Lekin biz yaqin tariximizni olib qarasak, ko’pincha aks holatga guvoh bo’lamiz. Masalan, sovet davrida bizda shoirlar ko’p edi, kamida o’n yillik maktab davri davomida kamida o’n kitobga jamlangan shoirlarning she’rlarini o’qiganmiz. She’rlar bizga o’rikdan, shaftolidan, olmadan binafshadan, kosmonavtlaru traktorchilardan bahs etardi. Lenin bobomizni qo’shiqlarda yodga olardik. Baxtli bolalik, baxtli yoshlik, umuman qilib aytganda baxtli nasl, baxtli jamoat haqida o’rganardik. Ayniqsa o’zbek shoirlari. Dardli matnlar asosan eski davr haqida bo’lar edi: ya’ni hozirgi Lenin bobomiz prinsiplari ostida erishgan baxtli jamiyatga kelgunimizcha chekilgan dardlar va qahramonlarimizning buyuk jasoratlari haqida edi. Yana bir diqqatga sazovor narsa bu dardli she’r va romanlarning asosan rus yozuvchi, shoirlari ijodi bo’lganligi. Nimaga? Balki dard o’zi mag’zida istiqlol mevasini tashigani uchundir: agar mustamlaka holatdagi xalqlarining yozuvchilari dard chekishni o’rgansalar, demak ular ertaga istiqlol uchun ham kurasha biladilar. Shuning uchun o’zbeklar, qozoqlar va boshqa xalq yozuvchilari asosan “qutqarilganlik baxtini” kuyladilar va “qutqaruvchi og’ani” madh etib keldilar. Chunki mustamlaka xalq qutqara olishlik qobiliyatiga ega emas, shuning uchun ham u qutqarilgan. Demak u qutqarilganlik baxtini shodlik kuylari bilan baralla jar solishi kerak. Qutqarish esa dard cheka oladigan xalq – ruslarning haqqi. Faqat rus shoiri dardli nag’malar yozish huquqiga ega; boshqa har qanday xalq shoirining dard-iztirobga to’la nomalari yetti qavat yer ostiga ko’milishga hali yozilmasdan turib mahkum edi.

Mustaqillikdan keyin adabiyotimizda ham yaratuvchi dard shamollarining qaytadan esish ehtimoli, umidi paydo bo’lgandi, paydo bo’lmasa ham shunday umid qalblarda uchqunlagandi. Lekin biz dard chekishga ulgira olmadik, dard chekishni o’rgana olmadik. Baxtimizni qarangki, biz darhol yana bir marta qutqarildik va dunyodagi eng baxtli jamiyatga qadam qo’ydik. Bundan buyon adabiyot bog’ida yana shodlik, xurramlik, saodat kuy-sadolari yangrashga boshladi. Sahnani dunyoga jar sola oladigan darajada baland ovozli san’atkoru shoirlar egalladi. Albatta, dard chegaralangan holda mavjud bo’ladi adabiyotda: demak biz ham o’zimizga hozirgi baxtimiz yo’lida dard chekkan qahramonlar qidirb tarixni uzoq-uzoq yillariga safar qildik, agar topa olamasak ixtiro qildik. Bu dard tarixchasining asosiy vazifasi hozirgi saodat kuylarini quvvatlab, tasdiqlab turish edi xolos: mustaqillik, erk, erkinlik, o’z-o’ziga egalik, baxtli jamiyat, erkin jamiyat, hech kimga qaram bo’lmagan yagona davlat. Bunday yutuq, xususiyatlarga ega bo’lgan jamiyat adabiyotida hech qanday dard-iztirob haqida bahs bo’lishi mumkin emas.

Xo’sh bu holat, haqiqiy ma’noda dardsizlik kasali va bu kasaldan ogohsizlik faqat bizning jamiyatimizga xosmi? Yo’q! Biz yashayotgan dunyo dardlarni tarixning qora davrlarida qoldirishga muvaffaq bo’lgan. Ilm-fan, tehnika, kapitalizm-demokratiya juftligi prinsiplari ostida insonni xurofotlar botqog’idan aql chizib bergan nurli so’qmoq yo’liga solabilgan baxt-saodat asri. Bunday jamiyatda, bunday nurli davrda dard o’z-o’zidan yo’qoladi, inson baxt bilan yolg’iz qoladi. Adabiyot ham o’z-o’zidan faqat aql, ilm soyasi ostida shakllanadi. Aql usti yoki pastida bo’lgan dard-iztirob, qurbon bo’lish kabi tushunchalar na bir she’rga, na bir romanga mavzu bo’la oladi.

Romanlar, she’rlar ilm-fan yutuqlari, texnika mo’jizalari, jamiyatdagi mayda-chuyda, ikir-chikir mojarolar va shu kabi ratsional mavzular ustiga quriladi. Hatto bu adabiyotda she’r yerini roman egallaydi. Chunki she’rda shoir aytganidek “his va fikr” bor. Romanda esa gap bor, detal bor, intriga bor, lekin na fikr, na his mavjud.

Xo’sh bunday baxt-saodat asrida dard yo’qoladimi? Ma’lum bir ma’noda ha: chunki dard mavjud bo’lishiga qaramasdan u chekilmaydi, sezilmaydi. Yoki ba’zi-ba’zida oniy tajriba qilinadi va yana tezda unutiladi. Masalan, Iroq, Falastin, Shimoliy Koreadagi mudhishliklar televizor ekranida berilgani bilan u hech kimni larzaga solmaydi. Yoki tsunami bir onni o’zida million insonni o’ldirgani uchungina, buyuk teatral hodis bo’lgani uchungina ma’lum bir muddatga odamlarga ta’sir qiladi, qisqa muddat ichida fuqarolar yuzlab million dollar pul yig’ib berishadi. Lekin dard shu qutiga tashlangan qogoz pul, ma’lum bir tashkilot adresiga ketgan chek ichida, konvertga qo’shilb bizni tark qiladi. Va biz yana baxt-saodat asri yaratib bergan imkonlardan foydalanishga davom etamiz.

Albatta dard chekadiganlar bu jamiyatlarda ham mavjud. Ular she’r ham yozadilar, roman ham yozadilar, balki tanqidiy ilmiy asarlar yozadilar. Lekin ularning ovozi buyuk saodat shovqini ostida ko’milib ketadi. Ularga dard chekuvchi sifatida emas, balki “marginal”lar tamg’asi bilan murojaat etiladi. Yoki ularning asarlarini ijtimoiy tanqidning namunasi sifatida universitet kutubhonalarining chang bosgan tokchalariga eltib qo’yamiz, yoki turli san’at terminlari bilan atab, marginal oqimlar sifatida chiroyli-chiroyli sharhli bir-ikki maqola chop etish bilan chegaralanamiz.

There Are 3 Responses So Far. »

  1. Assalomu Aleykum
    To’grisi men hayotimda birinchi bor O’zbek sitiga kirib, o’zbek maqola o’qishim.har hil ekan. Men Layli va Majnunnio’qimaganman, lekin Tarixni judayam sevib o’qiyman, aynan Napolen davirlariniham o’tkanmiz. Judayam ko’p boshqa tarizdagi geroylar o’z davlatidagi odamlarga qaxramon va davlatni sahlab qolgan odamdek tuyilishi mumkun, ammo boshqa davlatalr uchun esa u odam umuman boshqa tomondan ko’rinishi mumkun. Masalan Bismarckni olaylik, u Germaniyani birlashtiraman deb qilishidan oldin 10 yil burun planlashtirib qo’ygani haqida dalillar bor. Ho’shu buutn hayoti davomida shunga erishmohchi bo’lib harakat qildi va erishdiham. Ammo lekin Germaniya baribir o’z holiga qaytdi, yani Bizmark egallab olgan yerlar keyin qaytarib berildi. Afsuski bu vahtinchalik yutuq uchun esa shuncha odamlar o’ldi..uni ustiga Birinchi Jahon Urishi boshlanishigaham turtki bo’ldi.
    Ho’sh biz bir insonni 1chi yoki 2chi gruppaga kiritayotkanimizda, qaysi taraflama tahlil qilishimiz kerak? Bizmark Germaniya odamlari uchun 1chi darajali insondur ammo Fransiyalik odamlar uchun u ohirgi darajali inson bo’lishi mumun.

    Bu maqolani kim yozganligini bilmayman lekin shu so’zlar uchun katta rahmat aytmohchiman.
    “Chunki inson qanchalik ilmli, bilimli, samimiy bo’lmasin imoni bo’lmasa, ilohiy haqiqat chiroqlari yorug’ini o’ziga fonus qilmasa, har qancha samimiy harakatlari baribir noxush oqibatlarga olib keladi.”
    Shu narsaga men kundan kun amin bo’lmoqdaman!

    Yana bir narsani aytmohhidim,men o’zim yosh bo’lsamham bu yerda berilgan ayrim savollar haqida menham o’ylangan payitlarim bo’lgan. To’gri, menimchaham inson sardsiz bo’lsa u albattabiror oddiy narsani olib o’ziga dard qilib oladi, o’zi bilmagan holatda albatta… Buni men hayotim davomida odamlarda ko’p sezganman. Insonning hayoti qancha yahshilanmasa, qancha yengillashmasa inson shunha ko’proq narsani kutadi hayotdan. Keyin, asta sekin odamlar “dard” degan so’zni boshqacha tushunishni boshlashadi, bilmadim balkim men hozir noshukurchilik haqida gapirayotkandurman, kim biladi… Umuman olganda agar odam boriga shukur qilib, hehc narsadan nolimasa unda u hayotidagi iztirobniham sezmaydi.

    Maqola uchun katta kon rahmat. =) Ollohning hamma bandalariga sabir oqat tilayman, va kimdur dard, azob va iztirobda bo’lsa ularga olloh madatkor bo’lishi tilab qolaman.

  2. Va alaykum assalam

    Dilnoza, o’ziz ham salkam maqola yozib qo’yibsizu -))

  3. “Kimning dardi nimada!”

    Bu hammamizga tanish bo’lgan, lug’atimizda hafalik yoki kinoyani bildirish uchun, yana qandaydiq maqsadlar uchun ishlatiladigan gap.

    Ammo, bu gapning tagida bir katta haqiqat bor: har kimning bir dardi bor!

    Aslida inson dardsiz bo’lsa, uning hayoti ma’nosizga aylanib qoladi. Bir dardsiz va monoton hayotni tasavvur qilyapsizmi? Monotonlikda dard bo’lsa ham, u davomiy bo’lish natijasida avtomatik holat yoki harakatga aylanib qoladi. Avtomatlashgan ishda dard bo’larmidi? Bu yerdagi dard odatga aylanadi xolos.

    Muhimi dardsizlik emas, muhimi nimani inson o’ziga dard qilib olishida, deb o’ylayman. Masalan, rasulalloh s.a.v.ning dardlari Allohning bergan vazifasini haqqi bilan ato etish va insonlarga haq yo’lni tushunish edi…. Abujahlning ham dardi, o’ziga yarasha edi.

    Bir yozuvchining duosini eslayman, menimcha har kim shu duoni o’qisa foyda bo’ladi. Ular, “Allohim, meni asl dard bilan dardlantirgin”, deb duo qilardilar doim.

    Bilmadim boshqalar uchun qanday, ammo men uchun “Asl dard nima?”, “Mening dardim nima?”, “Nimalar bilan ovvora bo’lishim keragu, nimalardan uzoq turishim kerak” degan savollarni o’ylashimga sabab bo’lgan.

    Siz uchun ham shu duoni foydasi bo’ladi degan umid bilan,
    Nagim

Post a Response