Tarbiyaning zamoni
Emdi ochiq ma’lum bo’ldiki, tarbiyani tug’ulgon kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlandurmak, fikrimizni nurlandurmak, ahloqimizni go’zallandurmak, zehnimizni ravshanlandurmak lozim ekan, tarbiyani kimlar qilur, qayda qilinur, degon savol keladur. Bu savolga birinchi – uy tarbiyasi – bu ona vazifasidur, ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur, – deb javob bersak bir kishi deyurki, “Qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi pahmoq, qo’li to’qmoq onalarmi?” O’zlarida yo’q tarbiyani qaydan olib berurlar?! – der. Mana bu so’z kishini ezar, bag’rini yondurur. Otasiga nima dersiz? – desak, “Qaysi ota! – To’ychi, uloqchi, bazmchi, do’mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagon, ilm uchun bir pulni ko’zlari qiymagon, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o’zlarini o’qutmak, tarbiya qilmak lozimdur”, der. Mana bu so’zlarni eshitgach, umid qo’llari qo’ltuqg’a urilur.
- Xayr, bo’lmasa, muallim-chi?! – desak, – Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o’qumagon, usuli ta’lim ko’rmagon muallimlarni aytursizmi? Avval o’zlari dorulmuallimlarda o’qumaklari, so’ngra dars bermaklari lozimdur”, der. Mana bu so’z insonni hayrat daryosiga g’arq qilur.
Mudarrislarga na dersiz desak, “Qaysi mudarris? – matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o’z vazifalarini bilub nafslaridan kechub, zamonaga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o’qutmoqlari lozimdur”, der. Mana bu so’z har kimni “Alisloh” demakka majbur qilur. Bo’lmasa, hukumat-chi? – desak, “Xayr, hukumat hammaning otasidur, o’z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmagi lozim”, der. Shuning uchun bizning Rusiya hukumati o’gay bo’lsak ham har yerda bizlar uchun ham maktab ochub, bolalarimizni tekin o’qutur. Lekin o’zimiz ish bilmagon, yalqov, uyda ona tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan ahloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko’rmagonimizdan, hukumat maktablaridan ham o’z hissalarimizni ololmaymiz”, der. Mana bu so’z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanini bilmagonlig’imizni bildurur.
Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidur.
Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo’lur tarbiyat birla yo’lg’a solib.
Onasin olib, asrag’on birla rom
Qilolmas, kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug’ bo’lsa, lozim kelur g’am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To’g’unchi egur kuydirib kavdani.