“Islom falsafasi tarixi” kitobi haqida
Quyidagi linkni oldin ham bergan edim. Muhim asar bo’lganligi uchun, bu yerga ham qo’ydim.
Bazan Internetda haqiqatdan ham xazinaga teng manbalar topiladi. Shunday manbalardan biri www.muslimphilosophy.com sahifasida joylashgan. Musulmon falsafasi va ilmiy madaniyati tarixiga bag’ishlangan bu saytda islom madaniyatiga katta hissa qo’shgan ko’plab olimlar xaqida ma’lumotlarni va ularning asarlarining elektron nusxalarini arab yoki ingliz tillarida topasiz. Ularning ichida, masalan, bizning yurtdoshlarimiz Ibn Sino, Forobiy yoki Beruniy kabi buyuk olimlarga bag’ishlangan bo’limlarda ular haqida yozilgan maqola va ilmiy ishlardan tashari, ularning ko’plab asarlarining to’liq nusxalarini o’qishingiz mumkin.
Lekin bugun asosan ushbu saytda qo’yilgan va 1963-1966 yillarda ikki jild qilip nashr etilgan « A History of Muslim Philosophy with Short Accounts of Other Disciplines and the Modern Reneissance in Muslim Lands » asariga sizning diqqatingizni jalb qilmoqchiman. Deyarli ikki ming sahifadan tashkil topgan « Islom Falsafasi Tarixi va boshqa sohalarning qisqa ta’rifi va Musulmon davlatlardagi zamonaviy renessans » asari nafaqat islomiy falsafa ta’limotlari tarixini, balki boshqa ko’plab sohalarni ham qambrab olgan.
Mazmuni jihatidan, asarning maqsadi islom falsafasi va ilmiy me’rosining boshlanishidan 20 asrgacha bo’lgan rivojlanish tarixini yagona bir asar chegarasida yoritip berishdir. Deyarli ikki ming sahifadan iborat bo’lgan bu asarda falsafa maktablarining ta’limotlaridan tashqari, siz hammaga (dostupniy) bo’lgan ingliz tilida Qur’onning asosiy axloqiy, iqtisodiy, siyosiy ta’limotlari, turli aqida va tasavvuf maktablari ta’rifi yoki islom dunyosining fikriy me’rosiga beqiyos hissalarini qo’shgan G’azzoliy, Fahriddin Roziy, Abu Hanifa, Abu Yusuf, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Holdun, Muhammad Iqbol kabi buyuk olimlar hayoti va ta’limotlari haqida ko’plab ma’lumotlarni o’qiysiz. Undan tashaqri asarni o’qish davmida islom olamining arab, fors, turkiy qismlarining adabiy, ilmiy yoki arhitekturaviy me’roslarining qiziq ta’riflarini o’rganip borasiz. Asarning yana muhim bir nuqtasi, bu mualliflar tomonidan haqiqiy islomiy ta’limotlarning tarix mobaynida G’arb ilmiy-madaniy me’rosining rivojlanishiga qo’shgan hissasi va Yevropa fikrining shakllanishiga o’tkazgan ta’sirini xronoligik ravishda ochiq oydin qilip ko’rsatib berilgan. Asarning bu qismidan xabardor bo’lish, hozirgi ba’zi G’arb vakillarining ilm va ma’rifat asosan Yevropada shakllanip keyinchalik butun dunyoga yoyilgan deb da’vo qilayotgan davrda, insonga ushbu asossiz fikrlarga qarshi xolisona xulosa chiqarib olishiga yordam beradi.
Asar mazmuni jihatidan qanchalik boy bo’lsa, uning paydo bo’lishiga hissa qo’shgan mualliflar jamoasi ham shunchalik boy va obro’lidir. Birinchidan bu ensiklopedik kitob Pokiston, Misr, Eron, Turkiya, Hindiston, Suriya, AQSh, Fransiya va Italiya kabi o’ndan ko’p davlatdan kelgan saksonga yaqin o’z sohasining bilimdonlarining mahsulidir. Ikkinchidan, bu mualliflarning ko’pchiligi dunyo bo’yicha tanilgan yetuk mutaxassislardan tashkil topgan. Misol qilip yigirmanchi asrdagi eng sermahsul va sermazmun musulmon olimlaridan Mawlono Mawdudiy yoki Muhammad Hamidulloh, nafaqat fransuz sharqshunoslari balki yigirmanchi asrda butun g’arb sharqshunoslari orasida birday tan olingan Louis Massignon yoki fors olamining ko’p tanilgan zamonaviy olimlaridan Sayyid Husayn Nasrlarni keltirish mumkin. Asarning ahamiyatini bildiradigan faktlardan biri, u nashr etilganda ingliz tilida hajm va mazmuni jihatidan birinchi asar hisoblangan. Hatto mana 40 yildan keyin ham bu asar kabi kitoblarni ko’rsatish juda mushkul.
« Islom falsafasi tarixi » asari arab tilidagi adabiyotga tishi o’tmaydigan har qanday inson uchun Islom ilmiy tarixini o’rganishi uchun bebaho bir manba bo’lib xizmat qilishi shubhasiz. Hattoki, arab tilidan xabardor insonlar ham ushbu kitobdan muhim bir qo’llanma sifatida foydalanishlari mumkin. Chunki, sintez shaklida yozilgan bu asarda ular juda ko’p asosiy manbalar xaqida ma’lumotlar topadilar.
Shunday ekan, biz ko’p gapni ko’partirmay, sizni ushbu asarni miriqip o’qishga taklif qilamiz…