Wallerstein va zamonaviy bilimlar: Aniq fanlar va gumanitar bilimlar

Immanuel Wallerstein yashab turgan zamonamizni, bizni o’rab turgan ijtimoiy-siyosiy sistemalarni ochiq va ravshan tushuntirib bera oladigan sanoqli jamiyatshunoslardan biri hisoblanadi. « World-Systems Analysis- An Introduction » – « Dunyo-sistemalari tahlili : Muqaddima» kitobida, Wallerstein hozirgi kunimizda dunyo fenomenlarini tahlil qilish va insoniyatning turli muammolarini yechish uchun ishlatiladigan tarix, siyosatshunoslik, iqtisodiyot kabi fanlarni kelib chiqish tarixini oson bir tilda shunday tasvirlaydi.

XVIII asrning o’rtalariga qadar dunyoni va insoniyat hayotini tushunib yetishlik uchun asosiy manba diniy manbalar, diniy arboblar hisoblanardi. « Haqiqat nima ? » degan savolga javobni faqatgina diniy manbalardan axtarilardi. XVIII asrning o’rtalaridan boshlab, bu kabi eksistensial (dunyoning, insonning mavjudiyatiga, mohiyatiga taalluqli) savollarga javoblarni diniy manba va vakillarga murojaat qilmasdan topish mumkin deb hisoblagan guruhlarning ovozlari tobora dadillashib bordi. Diniy manbalarga asoslanmagan yechimlar, tushuntirishlar tobora yoyila boshladi. Faylasuflar insonning mehnat natijasida ilmni qo’lga kirita olishga qodirligini isbotlash uchun kitoblar yozishni boshladilar. Bulardan Descartes va Spinoza kabilar diniy bilimlarni insonning shaxsiy hayoti doirasiga cheklab, ularni bilimning asosiy strukturalaridan ajratib qo’yishdi.

Bu faylasuflar teologik tushuntirishlarga qarshi chiqib, inson haqiqatlarni faqatgina aqliy qobiliyatlari bilan anglab yetishga qodirligini ilgari surishardi. Ularning bu fikr, tezislarini tobora ko’pchilik qabul qilganligi bilan birga, vaqt o’tgan sari ba’zi mutafakkirlar faylasuflarning bu iddaolari ham aslida diniy- teologik iddaolar kabi ekanligini va faqatgina aqlga, fikrga qarab qaror berish, bir ilohiy manbaga tayanib ish tutilgandek arbitrar ( y’ani, bir tarafning irodasi qo’llanilgan holda qabul qilingan) tarzda ekanligini ko’rsata boshlashdi. Bu mutafakkirlarga ko’ra asosiy e’tiborni empirik analizlarga ya’ni tabiatni, voqelikni, narsalarni kuzatish davomida qo’lga kiritilgan ma’lumotlar, bilimlarga qaratish kerakligini ta’kidlashardilar. 19 asrning boshlarida Laplace quyosh sistemasi haqida yozgan kitobini Napoleonga taqdim qilganida, uning kitobida bir marta ham Xudo nomini uchratmagani Napoleonning diqqatini tortadi. Shunda, Laplace « Mening bunday gipotezaga hech qanday ehtiyojim bo’lmadi » deb javob beradi. Bu fikr odamlarini bugunki kunda olimlar, fan odamlari deb atasak bo’ladi. Lekin, shuni aytib o’tish kerakki, o’sha vaqtlardagi bilim tushunchasi fan va falsafa o’rtasidagi chegarani aniq belgilab bermagandi. Shuning uchun Immanuel Kantning ayni onda va ayni yerda astronomiya, she’riyat va metafizikani o’qitishi oddiy hol edi. U ayni paytda millatlar orasidagi aloqalar haqida ham kitob yozgandi. Shunday qilib u vaqtlarda bilim deganda butun va bo’linmagan keng bir soha tushunilardi.

Bugun ba’zilarning ta’riflagan falsafa va fan o’rtasidagi « ajralish » XVIII asrning oxirlarida ro’y berdi. Bu ajralishning sababchilari empirik bilimlar tarafdorlari edi. Ularga ko’ra haqiqatga olib boradigan yagona yo’l empirik kuzatishlarga asoslanib, induktiv metodlarga tayangan holda ishlab chiqilgan nazariyalar ishlab chiqarishdadir. Bu kuzatish, tajribalarni keyinchalik boshqalar ham takrorlab, ilgari surilgan nazariyalarni to’g’ri yoki noto’g’riligini tekshirib ko’ra olishlari kerak. Bu fan himoyachilari uchun diniy va metafizik manbalar asosida rivojlantirilgan deduktiv tasdiqlar oddiy bir spekulasiya bo’lib, haqiqat bo’la olmaydi. Shuning uchun ular o’zlarini faylasuf deb atashlariga qarshi chiqdilar.[1]

Zamonaviy universitetlar ham ayni shu vaqtlarda hozirgi shakliga kelishni boshladi. O’rta asr universitetlaridan farqli ravishda, zamonaviy universitetlarda oldingiday ruhoniy va teologlar emas, balki doimiy ravishda va maosh evaziga ishlaydigan professorlar ta’lim beradi. Professorlar « fakultet »larda top’langanlar va ushbu fakultetlar qoshida « departamentlar » – bo’limlar ham mavjud. Har bir departament ma’lum bir sohada ixtisoslashadi va studentlar ma’lum bir diplomni qo’lga kiritgunlariga qadar ta’lim oladilar.

O’rta asr universitetida to’rtta fakultet mavjud edi : teologiya (ilohiyot), tibbiyot, huquq va falsafa. XIX asrda falsafa fakulteti deyarli hamma yerda ikki ayri fakultetga bo’lindi : biri « aniq fanlar »ni o’rgansa, ikkinchisi bugungi kunda ba’zida « gumanitar (humanities) », ba’zida « san’at (arts) » bilimlari deb ta’rif etiladigan bilimlar bilan shug’ullanardi. Shunday ravishda Charles P. Snow ta’biriga ko’ra ikki madaniyatli universitet shakllandi. Bu ikki madaniyat bir biri bilan yagona, eng kamida esa, eng maqbul bilim qozonish yo’li kimga tegishli ekanini tortishib keldi. Bir tarafdan, aniq fanlar empirik tadqiqotlar va gipotezalarni tajriba orqali tekshirishga urg’u berardilar. Gumanitar fanlar esa empatik usullarga ya’ni boshqa manbalarga, boshqa fikrlarga bog’langan holda bilim qozonish usuliga imtiyoz berardilar. Bu usul keyinchalik germenetik (talqin qiluvchi, tafsir, sharh qiluvchi) tushunish nomi ostida tanildi. Hozirgi kunda bu ikki madaniyatni birlashtiradigan yagona diplom Falsafa doktorligi hisoblanadi.

Aniq fanlar fakultetlariga ko’ra, gumanitar fanlar haqiqatni ajrata olishga ojiz. Bilim hali turli bo’limlarga bo’linib ketmagan chog’larda, “to’g’ri”, “yaxshi” va “go’zal”ni qidirish bir biriga chambarchas bog’liq va hamohang edi. Lekin, bundan buyon aniq fanlar vakillari “go’zal” va “yaxshi”ni qidirish ularning ishi emasligini, balki ularning maqsadi “to’g’ri”ni topish ekanligini ta’kidlashardi. Ular yaxshi va go’zalni faylasuflarga qo’yib berishdi. Bilimlarning bu ikki buyuk shoxga ayrilishi haqiqatni izlash bilan yaxshi va go’zalni qidirish o’rtasida buyuk bir to’siq yaratdi. Shuning uchun ham ko’pchilik olimlar o’zlarini qadriyatlarga befarq ( value-neutral) deb elon qilishdi.

 

davomi bor…

 

[1] Induksiya – ma’lum miqdorda yakka holdagi fakt, hodisa va jarayonlarni kuzatish orqali, shu kuzatishlarga tayangan holda ishlab chiqarilgan umumiy xulosa chiqarish. Bu usul bo’yicha, oldin ko’p miqdordagi obyekt yoki jarayonlar yaxshilab kuzatiladi, o’rganib chiqiladi, keyin ushbu kuzatishlardan yagona, umumiy xulosa chiqariladi. Induksiyada mantiq asosiy o’ringa ega emas, tajriba birlamchi ro’lga ega. Faktlardan qoidaga qarab, yakka holdagi ko’plab o’rnaklardan yagona umumiy xulosaga qarab boriladi. Xususiy holatlar, fikrlardan umumiy bir xulosa ishlab chiqiladi.

Deduksiya – oldindan mavjud bo’lgan bir umumiy haqiqat, umumiy prinsipning o’ziga xos tartibli fikrlash va mantiq qoidalariga asoslangan holda, maydaroq, yakka holatlarga tadbiq qilinishiga aytiladi. Deduksiyada umumiy bir gipoteza hayotdagi mavjud yakka holatlar orqali tekshirib chiqiladi. Bu umumiy prinsip oldindan mavjud, va holatlarni faqatgina bu prinsipni tekshirish, tatbiq qilish uchungina o’rganiladi. Bu yerda birlamchi o’rinda mantiq turadi ; tajriba esa ikkilamchi hisoblanadi.

Post a Response