Wallerstein va zamonaviy bilimlar: Tarixshunoslik haqida

Shunday qilib, 19 asrdan boshlab aniq fanlar fakultetlari turli bo’limlarga bo’lindi: fizika, kimyo, geografiya, astronomiya, zooligya, matematika, vh. Gumanitar fanlar ham turli ixtisosliklarga bo’lindi: falsafa, mumtoz adabiyot ( yunon adabiyoti, lotin adabiyoti, vb.) san’at tarixi, musiqashunoslik, xorijiy tillar, vh.

Bu murakkablikka qaramasdan, mushkul savol o’rtaga chiqdi: ijtimoiy voqelikni qaysi fakultet o’rganadi? 1789 yilgi Fransiya Inqilobi va uning natijasida madaniyatdagi keskin o’zgarishlar natijasida bu savolning dolzarbligi ortib bordi. Chunki Fransuz inqilobi ikki inqilobiy fikrni ommalashtirgandi. Birinchisi, siyosiy o’zgarish bu favqulodda yoki g’alati holat emas, balki doimiy va oddiy holatdir. Ikkinchi fikrga ko’ra esa, bundan buyon suverenitet – ya’ni, bir davlatning o’z hudidida amal qilinadigan qarorlarni mustaqil holda qilish huquqi- bir qirol shaxsiga yoki bir qonun chiqaruvchi assambleyaga bog’lab qo’yilgan emas. Balki, suverenitet to’g'ridan to’g'ri xalqqa oid. Faqat xalqgina ma’lum bir tizimga legitimlik beraoladi.

Shu ikki g’oyaning keng tarqalishi va hamma tomonidan qabul qilinishi natijasida, ijtimoiy hayotda o’zgarish sabablari va dinamikalarini, hamda xalq qanday qilib bir qarorga kelishini o’rganishning ahamiyati ortdi. Ushbu o’zgarishlar bugungi kundagi ijtimoiy fanlar vujudga kelishiga zamin yaratib berdi.

Bu ijtimoiy fanlar ikki madaniyatli universitet madaniyatining qayerida joylashgan edi? Bu savolga javob berish mushkul, hatto ba’zilarga ko’ra imkonsiz. Ilk diqqatni tortadigani ijtimoiy fanlar “aniq fanlar” va “gumanitar fanlar” o’rtasida joylashgan. Lekin bu o’rni ham aniq emas. Ijtimoiy fanlar vakillarining o’zlari ikkiga bo’lindilar. Ularning bir qismi sof fanniy, ilmiy usulga berilgan bo’lsalar, boshqa qismi ko’proq gumanitar fanlar metodlariga tortar edilar. Ijtimoy fanlar o’rtasidagi bu bo’linish natijasida hatto bu kategoriyaning umuman bo’linib ketish xavfi ham paydo bo’lgan edi.

Ijtimoiy fanlarning eng ko’hnasi shubhasiz tarixdir. XIX asrda Leopold Ranke’ning tarixshunoslikda yondoshishi inqilobiy burilish yasadi. Rankega ko’ra tarixni “qanday sodir bo’lgan bo’lsa, shunday yozish kerak” edi. Ranke shohlarni maqtashga berilgan yoki millatlarni ko’klarga ko’tarish uchun turli afsonalar o’ylab topishni kasb qilib olgan “qasidashunos” tarixchilarni qattiq qoralab chiqdi. Ranke bunday afsona va masallardan holi, sof ilmiy usulga asoslangan tarixshunoslikni taklif qilib chiqdi.

Bu tarixni kitoblarga bitishning aniq usulini ham taklif qilib chiqdi: o’rganilayotgan davrlarda b’olib o’tgan voqealarni tasvirlovchi va o’sha vaqtda yozilgan hujjatlarni topish kerak. Bu hujjatlar arxivlarda saqlanadi. Bu hujjatlarni o’rganib chiqayotgan tarixchilar yodda tutishlari kerakki bu hujjatlarni yozgan mualliflar kelajakdagi tarixshunoslar uchun emas, balki o’z zamonasidagi voqealar haqidagi fikrlarini bildirish uchun yozganlar. Shuning uchun tarixchilar bu hujjatlardan ehtiyotkorlik bilan foydalanishlari kerak. Ularning obyektivlik darajasini tekshirib ko’rishdan oldin, ulardagi fikrlarni shundayligicha qabul qilmasliklari kerak. Subyektivlik ehtimolini yana ham kamaytirish uchun, tarixshunoslar “hozirgi vaqtimiz” tarixini emas, “o’tgan vaqt” tarixini o’rganishlari kerak. Chunki bugungi kun haqida yozilgan yozuvlarda zamonamizning ehtiroslari hali ketmagan bo’ladi. Buning ustiga yashab turgan zamonamizga tegishli hujjatlar arxivlari hukumatlar nazorati ostida bo’ladi va ularga ma’lum bir vaqtdan (50-100 yil) oldin murojaat qilib bo’lmaydi.

Ma’lum bir darajada “fanniy” yondoshishlariga qaramasdan, tarixchilar gumanitar fanlar fakultetida joylashishni ma’qul ko’rishdi. Tarixchilar faylasuflarning spekulativ usullarini rad etganlari uchun bu g’alati ko’rinishi mumkin. Tarixchilar empirik yondoshish tarafdori bo’lganlari uchun, ular ko’proq aniq fanlarga yon bosadi deb taxmin qilish mumkin edi. Lekin shunday bo’lsa ham, tarixchilar boshqa aniq fanlarda ishlatiladigan ommaviy ravishda umumlashtirishlarga shubha bilan qarardilar. Ularning maqsadi faktlarga tayangan holda obyektiv va universal qoidalar yoki umumiy gipotezalar ishlab chiqish emas edi. Ular har bir hodisani o’ziga xos kontekstda analiz qilishni ma’qul ko’rishardi. Ularga ko’ra insonlarning ijtimoy hayoti tabiiy fenomenlardan farqli edi. Bu farqning sababi insondagi iroda hisoblanadi. Bu “inson faktori” (human agency)ga urg’u berish tarixchilarni o’zlarini “ilm odamlaridan” ko’ra ko’proq “gumanist” deb hisoblashga undadi.

Tarixchilarga ko’ra qanday hodisalar o’rganishga arziydigan ahamiyat tashir edi? Ular ma’lum bir hodisalarni ajratib tanlab olish uchun ba’zi qarorlar qabul qilishlari kerak. Oldinlari yozib ketilgan hujjatlarga tamomiyla bog’lanib qolish tadqiqotlarining obyektivligiga shubha solib qo’yardi: chunki bu hujjatlarning ko’pchiligi siyosiy davralarga yaqin bo’lgan shaxslar: diplomatlar, yuksak mansabdorlar va amaldorlar tarafidan yozilgan. Bundan tashqari tarixchilarning ishi yozma manbalarning mavjudligiga bog’liq edi. Shuning uchun ular birinchi navbatda yozma manbalar topish imkoni bo’lgan o’z mamlakatlari ustida tadqiqotlar olib borardilar.

Bu tarixchilarning asosiy qismi besh davlat hududida yashar edi: Fransiya, Buyuk Britaniya, AQSh va hozirgi Germaniya va Italiya hududlarida joylashgan siyosiy birliklar. Ayni vaqtda bir davlatning tarixi nimalarni o’z ichiga oladi degan savolga ham javob beris kerak edi. Geografik va vaqt chegaralari qanday belgilanadi? Tarixchilarning ko’pchiligi imkonlari boricha o’zlari joylashgan davlatning har bir davrdagi territorial chegaralari bilan cheklanishni ma’qul ko’rishdi. Masalan ,Fransiyaning 19 asr tarixi, o’sha davrda Fransiya tarkibiga kirgan hududlardagi tarixni o’z ichiga olardi. Bu qaror albatta arbitrar qaror edi. Shunday bo’lsa ham, bunday qaror orqali o’sha vaqtda hukmron bo’lgan ideologiya – millatchilik ideologiyasi mustahkamlandi. Bunday yo’sinda is tutish taalluqli millatlar tarafidan dastaklanib keldi.

 

Post a Response