Wallerstein va zamonaviy bilimlar: Ijtimoiy fanlar

Ijtimoiy fanlar

Tadqiqotlari o’tgan zamonga cheklanib qolgani uchun, tarixchilar davlatlarning zamonaviy muammolarini tahlil qilishlari uchun yetarli darajada ma’lumotlarga ega emasdilar. Siyosatchilarni esa bugungi kunni yaxshiroq tushunishga ehtiyojlari bor edi. Ayni mana shu maqsad sababli yangi bilim sohalari dunyoga keldi. Ularning ichida uchta asosiylari : iqtisodiyot, siyosatshunoslik va jamiyatshunoslik. Lekin, nimaga tarixni o’rganish uchun bitta soha kifoya qilgani holda, bugungi kunni tushunish uchun uchta sohaga ehtiyojimiz bor ? XIX asrda hukmron bo’lgan liberal ideologiyaga ko’ra bir zamonaviy hayot uchta mustaqil sferaga bo’linadi : bozor, davlat va fuqarolar jamiyati ( civil society). Bu uch sferani har birining o’ziga xos mantig’i bor, shuning uchun ularni ham ijtimoy hayotda, ham intellektual hayotda ajratib olish maqsadga muvofiq. Va, ularni farqli yondoshuvlar orqali o’rganish kerak : bozorni iqtisodshunoslar ; davlatni siyosatshunoslar ; fuqarolar jamiyatini jamiyatshunoslar.

Bu mavzuga doir boshqa bir savol : bu uch sferaga bog’liq obyektiv bilim qanday shakllanadi ? Bu savolga javob tarixchilarning javobidan farqli bo’ldi. Uchala soha vakillariga ko’ra bu uch sfera – bozor, davlat va jamiyat- hayoti empirik analiz orqali aniqlanishi mumkin bo’lgan va induktiv usul orqali umumlashtirilsa bo’ladigan qonun-qoidalarga bo’ysunadi. Shuning uchun ham bu uch soha vakillarining ilmiy yondoshuvlari aniq fanlar usullari bilan bir xil edi. Shu sababli bu uch soha (iqtisodshunoslik, siyosatshunoslik va jamiyatshunoslik) “nomotetik fanlar” deb ataldi. Ya’ni, ilmiy qonunlar ishlab chiqaradigan fanlar. Shu jihatidan bu bilimlar “idiografik” bilimlardan ya’ni hec ham bir-biriga o’xshamaydigan hodisalarni o’rganadigan va umumiy qonun-qoidalar o’rtaga qo’ymaydigan bilimlardan – masalan, tarixdan farqlanardi.

Bu zamonaviy bilimlar qaysi yo’nalishlarga yo’naldilar? Tarixchilar kabi, bu uch soha vakillari ham asosan besh davlatda faoliyat ko’rsatishar va eng avvalo o’z yurtlarini o’rganishardi. Iqtisodshunoslar, siyosatshunos va jamiyatshunoslar o’zlari ishlab chiqayotgan qonun-qoidalar, ilmiy xulosalarning to’g’riligidan hech qanday shubha qilishmas edi. Ular o’z xulosalarini isbotlash, haqqoniyligini isbotlash uchun empiric tadqiqotlarga tayanardilar. Xatoning oldini olishning eng ishonchli yo’li “kvantitativ” ma’lumotlarga ya’ni statistikaga tayanish edi.

Antropologiya va sharqshunoslik

Bu uch soha vakillari qarshisida yana bir muammo bor edi. Ularning ilmiy materiallari asosan o’zlari yashab turgan davlatlarga taalluqli edi va ular dunyoning juda kichik bir qisminigina o’rganayotgan edilar. Boshqa davlatlarni, boshqa iqlimlarda joylashgan mamlakatlar haqida bilimlar qanday shakllanishi mumkin edi? Buning ustiga yuqoridagi beshta davlat XIX asrning o’rtalaridan boshlab dunyoning katta bir qismida o’zlarining kolonial hukmronligini o’rnatishgan edi. Shuning uchun ham boshqa davlatlar, millatlarni o’rganish ehtiyoji bor edi. Lekin, Yevropalik olimlarga ko’ra haqiqiy zamonaviy davlatlar faqat Yevropa davlatlari bilan cheklanib, ularni o’rganish uchun ishlatiladigan ilmiy usullarni dunyoning boshqa qoloq davlat va millatlarini o’rganish uchun qo’llanish noo’rin edi. Shu sababli ikki yangi soha kelib chiqdi.

Ulardan biri antropologiya deb nom oldi. Ilk antrpologlar istelo qilingan millatlarni o’rganishardi. Ularga ko’ra bu millatlar zamonaviy texnologiyadan mahrum, o’zlariga xos yozuvga ega emas va har bir guruhning o’ziga xos diniy aqida-ishonchlari bor edi. Bu millatlarni asosan “qabilalar” deb atashdi: bular o’z urf-odatlariga, umumiy til va ba’zida siyosiy strukturaga ega bo’lgan oz sondagi guruhlar. XIX asr lug’atida bu qabilalarga “primitiv xalqlar” iborasi qo’llanildi.

Bu qabilalarni o’rganishning asosiy shartlaridan biri, ularning zamonaviy davlatlardan birining siyosiy hukmronligiga tobe qilinishi edi. Zamonaviy davlat bu qabilalar o’rtasida tartib-intizom va tinchlikni ta’minlar edi. O’rganuvchi olimlar bilan o’rganilayotgan odamlarning madaniyatlari farqli bo’lgani uchun, tadqiqotchilar asosan “ichdan kuzatish” (participatory observation) usulini qo’llardilar: tadqiqotchi ushbu guruhlar bilan birga yashab, ularning tilini, urf-odatlarini o’rganishga va tahlil qilishga harakat qilardi. Ko’pincha u mahalliy tarjimonlardan foydalanardi. Arxiva va kutubxonalardagi ilmiy faoliyatdan farqli ravishda, hayotiy sharoitlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida “etnografiya” yuzaga keldi.

Bu “primitiv xalqlar”ning o’z tarixlari yo’q deb hisoblanardi va ularga madaniyat zamonaviy millatlar tarafidan olib kelindi. Bu ta’sir natijasida madaniy o’zgarishlar yuzaga keldi deb hisoblanardi. Shuning uchun etnograflar, bu madaniy o’zgarishlardan ta’sirlanmagan, asrlardan beri o’zgarmagan urf-odatlarni topib o’rganishga harakat qilishardi. Bundan tashqari, etnograflar, ilmiy faoliyatlari bilan bir qatorda, kolonialistlar bilan tobe xalqlar o’rtasida vositachilik qilishardi: ular hukmron millatlarga tobe xalqlarning urf-odatlarini tushuntirishga va bu orqali ularni yaxshiroq nazorat qilishga yordam berishardi.

Lekin dunyoda faqatgina primitiv xalqlargina yashamasdi. Yevropadan tashqarida joylashgan keng hududlarda XIX asr tili bilan aytganda « buyuk sivilizasiyalar » joylashgan edi : Xitoy, Hindiston, Eron va Arab dunyosi. Butun bu hududlarning umumiy nuqtasi bor edi : ularni har birining o’z tili, o’z yozuvi, xristianlikdan farq qiladigan asosiy bir dini bor edi. Bunga sabab butun bu hududlarda tarixda, hattoki yaqin o’tmishda byurokratik usulda boshqarilgan « dunyoshumul imperiyalar »ning poytaxtlari mavjud bo’lgan edi. Va har bir hududda bir buyuk sivilizasiya shakllangan edi.

Lekin, XIX asrda bu buyuk sivilizasiyalarni birlashtirib turgan yana bir umumiy jihat bor edi : ular o’zlarining oldingi harbiy va texnologik qudratlarini yo’qotishgan edi. Shuning uchun ham yevropaliklar bu xalqlarni zamonaviy deb qabul qilishmas edi. Shu bilan bir qatorda ularni primitiv deb ham bo’lmas edi. Shuning uchun ham yana bir bor bu xalqlarni o’rganish uchun mos keladigan o’ziga xos tadqiqot usullarini ishlab chiqish kerak edi. O’z tili, o’z dini va uzoq asrlik tarixiga ega bo’lgan, ularni o’rganmoqchi bo’lgan har qanday insonga o’z kodlarini qabul qildiradigan bu xalqlarni o’rganaoladigan bo’lish uchun olimlar uzoq yillar davomida tayyorgarlik ko’rishlari kerak edi. Ayniqsa, tilni yaxshi bilish kerak edi. Ilk mutaxassislar o’zlariga “orientalist” – sharqshunos- deb ta’rif berishdi. Bu ta’rif Yevropada tarqalgan G’arb va Sharq o’rtasidagi tarixiy ajratishdan kelib chiqdi.

Orientalistlar nimani o’rganishardi? Ma’lum bir ma’noda, ular ham etnografiya bilan shug’ullanishardi desa bo’ladi. Ya’ni ular o’zlari yangi kashf qilgan urf-odatlarni tushunishga harakat qilishardi. Lekin, ko’pincha bu etnografik faoliyat “primitiv xalqlar” bilan bo’lganidek hayotiy sharoitlarda emas, balki kutubxonalarda saqlanin kelgan kitoblarni o’rganish orqali olib borilardi. Shu yerda bu sharqshunoslarni qiynab kelgan savol “nimaga bu buyuk madaniyatlar yevropa xalqlari kabi zamonaviy emas?” degan savol edi. Sharqshunoslarga ko’ra bu sivilizasiyalar madaniyatidagi qaysidir bir element ularni “turg’unlash”tirib qo’ygan edi. Bu turg’unlik natijasida ular uchun zamonaviylikka qarab harakat qilish imkoniyati yo’qolgan edi. Mantiqan, bu xalqlar rivojlanaolishlari uchun Yevropaning yordamiga muhtoj edilar.

Antropolog-etnograflar va sharqshunoslar yagona epistemologik asosga suyanishardi: ular insoniyatning umumiy belgilaridan ko’ra ko’proq o’zlari o’rganayotgan xalqlarning xususiyatlarini diqqat markaziga olishardi. Shuning uchun ham ularning ilmiy usuli “nomotetik” emas, balki ko’proq “idiografik” edi. Ilmda mavjud ikki madaniyatga bo’linishda, bu olimlar o’zlarining “gumanitar”, “germenetik” guruhga oidligini ta’kidlashardi.

Bunday universitetlarning paydo bo’lishi, fakultetlarga bo’linish va turli sohalarning vujudga kelib ixtisoslashishlari XIX asrdan boshlab rivojlanib keldi. Va, bilimning har bir sohasida, olimlar universitetdan tashqarida strukturalar tuzdilar: ilmiy jurnallar, ilmiy assosiasiyalar, va hatto bilimlarni arxivlash uchun alohida kutubxona kategoriyalari qurildi. 1914 yildanoq har bir sohaning o’z nomiga, metodolgiyasiga, strukturasiga ega bo’lishi norma bo’lib qabul qilingan edi.

Post a Response