Baudrillard va Debord jamiyat haqida

2007 yilda gazeta sahifalarini band qilgan hodisalardan biri fransuz faylasufi va sotsiologi Jean Baudrillard’ning vafoti bo’ldi. Baudrillard’ning asarlari oddiy o’quvchi uchun ancha qiyin hisoblanadi. Shunday bo’lsa ham asarlaridan “La Société de Consommation” – “Iste’mol qiluvchi jamiyat” nomli kitobi diqqatini tortgandi. Bu kitobga qo’shimcha ravishda boshqa bir fransuz ijodkori guy Debord’ning « La Société de spectacle » yoki « Tomoshalar jamiyati » nomli asarini mutolaa qilinsa, bugungi kunda yashayotgan hayotimiz haqida qiziqarli talqinlarga kelishimiz mumkin. Bu ikki asar Yevropalik mualliflar qalamiga mansub bo’lib, asosan Yevropa jamiyatini kuzatishlar natijasida yozilgan bo’lsada, taassuf bilan bo’lsada tan olish kerakki, bugun dunyoda asosan bir hil hayot tarzi hukmron. Qaysi mamlakatga bormang, asli G’arbda mavjudiyatga kelib, hozir butun dunyoga tarqalgan bir xil standardlar, me’zonlarga duch kelasiz.

Baudrillard’ning kitobidagi mazmunni qisqa qilib tushuntirishga harakat qilsak, quyidagi manzara vujudga keladi ( albatta bu tassurot biroz yanglishliklardan xoli bo’lmasligi mumkin) :

Baudrillard’ga ko’ra biz yashayotgan dunyoda asosiy o’rin, markaziy e’tibor, eng muhim qadr ashyolarga ya’ni predmetlarga (object) ajratilgan. Bu ashyolarga asoslangan jamiyat ayni vaqtda iste’mol jamiyati hisoblanadi. Bunday jamiyatda asosiy e’tibor ushbu ashyolarni, mahsulotlarni iste’mol qilishga qaratilgan. Insonning ro’li bu tizimda ikkinchi darajaga tushib qolgan : insonning asosiy funksiyasi to’xtamasdan bu ommaviy ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni iste’mol qilishdir. Insonning ahamiyat cheklangan bo’lib, uning asosiy vazifasi ommaviy ishlab chiqarishning to’xtab qolmasligini ta’minlashdir.

Baudrillard’ning fikrlari Guy Debord fikrlari bilan birgalikda o’qilsa, yana ham to’liqroq manzara vujudga keladi. Guy Debord zamonaviy jamiyatga qarshi rivojlantirgan tanqidlari orqali « Tomoshalar jamiyati » (La Société de Spectacle) konsepsiyasini ishlab chiqqan. Unga ko’ra, zamonaviy jamiyat tomoshalar sahnasiga aylanib qolgan, bu yerda har qanday hodisa bir tomosha, bir show’ga aylantirib yuboriladi. Teatrda bilamizki hamma narsa soxta, o’ylab chiqarilgan bo’ladi. Teatr sahnasiga aylanb qolgan bu jamiyatda shaxsiyatlar, hissiyotlar, munosabatlar hammasi soxta va samimiyatdan mahrum bo’ladi va inson bu jamiyatda oddiy va passiv tomoshabinga aylantirilgan. Insonlar orasidagi munosabatlar o’rnini ashyolar munosabatlari egallab olgan.

Badurillar va Debord tezislari birgalikda o’qilganda shunday manzara qarshimizga chiqadi:

Biz bugun Wall Mart, Carrefour, McDonalds, UEFA, Sony, Toyota, Gillette, Hollywood hukmron bo’lgan jamiyatda yashayabmiz. Agar bir vaqtlar dunyoni o’zgarishiga sabab bo’lgan fikr “Koinotning markazida inson turadi” degan tushuncha bo’lgan bo’lsa, bugungi kunda biz ushbu markaziy o’rnimizni oddiy mahsulotlarga bo’shatib berdik. Bizning ro’limiz ikkinchi darajalik, passiv ro’l bo’lib qoldi. Bizning vazifamiz ommaviy ravishda ishlab chiqiliayotga markali mahsulotlarni vaqtida iste’mol qilib, zavodlarning tinmasdan ishlab turishligini ta’minlashlikdir. Hozircha, bu voqelikdan qochib qutulaolmaymiz. Hattoki, ushbu tomoshalar shunday bizni mahliyo qilib qo’yganki, suniy dunyoda yashayotganimizni unutib qo’ydik. Xatto, unutmagan bo’lsak, bu soxta tomoshalarga “Bas! Yetar!” deyishga majolimiz, irodamiz yo’q. Bizning hayotimiz magazinma magazine aylanish, turli tomoshalar ko’rish, uyimizda bugun sotib olgan mahsulotlarimizni oila a’zolarimiz bilan iste’mol qilishdan iborat bo’lib qoldi.

Hayotimizda hamma narsa tomosha bo’lib ketdi: turmush qurishimiz ham, saylovga borishimiz ham, ish joyidagi hayotimiz ham… Hamma, hammasi ‘insonlar ko’rsin, insonlar gapirsin’ me’yoriga qarab qurilgan.

Balki bu holatga sabab, bu bizning ma’noni unutib, moddaga yopishganimizdan, diniy qadriyatlarimizni uloqtirib, nafsimiz buyruqlarini o’zimiga rahbar qilib olganimizdandir. Va, bunday soxta jamiyatdan qutulaolishlik uchun, yana bir bor, moddadan ma’no ustunligini yodga olishimizdir.

Post a Response